«Mustaqil hayot uchun kurash»


Muallif: Nodir Karimov
Qo'shilgan sana: 2016-01-27
Ko'rildi: 1364

MUSTAQIL HAYOT UChUN KURASh!

Mening yigirma yoshga kirgan bir jiyanim bor. Kenja farzand bo‘lgani uchunmi, onasi biroz erkalatib o‘stirgan. Otasi yoshligida vafot etib ketganligi bois uning ikkita akasi maktabni tugatar-tugatmas savdo-sotiq ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Avvaliga ishlari biroz yurishmadi. Ammo keyinchalik o‘z sohalarining piriga aylanib ketishdi.

Ana shu ikki aka "eng kichkinamiz", deya yigirma yoshli jiyanimizni juda taltaytirib yubordi. Ular ukasiga har oy dasta-dasta pul jo‘natar, nima xohlasa shuni olib berishardi. Ammo bir kuni ikki aka ham kutilmaganda unga pul bermay qo‘yishdi. Bundan hayratga tushgan uka avvaliga xotirjam yurdi. So‘ng bezovtalana boshladi. Axir akalari nega bunday qilishyapti? Uni yomon ko‘rib qolishdimikin yoki?

YUragini tirnayotgan alamlarini axiyri bir kuni onasiga aytdi. "Akalaring endi senga pul berishmas ekan", — dedi onasi ham xotirjam tarzda. "Nega?" ko‘zlaridan o‘t chaqnab ketdi ukaning. "Akalaring endi yoshing yigirma uchga kirganligini, bundan buyog‘iga o‘z aravangni o‘zing tortishing kerakligini aytishdi", — dedi ona. Ukaning boshidan muzdek suv quyilgandek bo‘ldi. Xayolan akalaridan ranjidi, urishdi, ulardan arazladi, ammo baribir endi nima qilishni bilmasdi u.

Bir kuni u yonimga kelib, "tog‘a gangib qoldim, nima qilishni, qanday ishning boshini tutishni bilmayapman. Akalarim endi menga yordam berishmasmish" — dedi. "Akalaring to‘g‘ri aytishibdi. Senga yordam berishni bundan besh yil oldin to‘xtatishlari kerak edi. Endi sen akalaringdan xafa bo‘lish o‘rniga ularga rahmat aytishing kerak. Akalaring bizning ko‘magimiz bilan o‘zi mustaqil ishlab ketar, deya shu kungacha umid qilishdi. Ammo sendan sado chiqmagandan kiyin shu qarorga kelishgan-da", dedim men ham xotirjam tarzda. "Menga maslahat bering, endi nima qilay?" deya yig‘lagudek bo‘ldi jiyanim. Shunda men unga poytaxtda yashaydigan bir qarindoshimizning oldiga borishini va undan yo‘l-yo‘riq so‘rashini maslahat berdim. Xayolimga esa kitobdan o‘qiganim, quyidagi so‘zlar keldi va jiyanimga ham gapirib berdim:
a) Hayotda kelajagingizga ishoning, o‘z tafakkuringizni ishga colsangiz g‘oyalar tug‘iladi, oldingizga maqsad qo‘ying. So‘ng o‘zingizga savol bering va kuting. Javob uzoq kuttirmaydi.
b) Eng avvalo, o‘zingizga yoqadigan ish topishingiz kerak. Sevimli kasbingizning barcha tarkibiy qismlari allaqachon sizda. Siz hozirgacha buni anglamaysiz, chunki haqiqiy tabiatingiz bilan bitta to‘lqinda emassiz. Sabot bilan diqqatingizni jamlang, shunda sizga tushuncha keladi, so‘ng javob ham.
Siz aksariyat insonlar butun umri davomida jonsarak bo‘lib nimanidir axtarishi, lekin uni topa olmay hayot jumboqlardan iborat, degan xulosaga kelishlarini tushunasiz va hayotingizning sirli mohiyatini bilib olasiz. Bilganda ham nafaqat aql bilan balki, yurakdan anglaysiz. Vaqt o‘tishi bilan buni tushunasiz.
Hech qachon jangsiz taslim bo‘lmang. Boshqa tuzoqqa ham tushib yurmang. Baribir hech narsa bo‘lmaydi degan xayol bilan harakat boshlasangiz, boshidan yutqazasiz. Fikrlaringiz va harakatlaringizni mushtarak qiling, o‘z-o‘zingiz bilan mushtarak bo‘ling.
v) Siz yechimi bor degan qat’iy xulosa bilan ish boshlang — bu muammongizning aniq yechimi hisoblanadi. Tafakkur va maqsadingizning sehrli kuchi, albatta, o‘z yechimini topadi va bu shunday amalga oshadiki, bunday oson ro‘y berishini siz kutmagan ham bo‘lasiz. Muvaffaqiyatga qat’iy ishoning va u keladi. Shubhaga zarracha imkoniyat qoldirmang, uni tafakkuringiz kuchi yetgancha xayolingizdan quving. Shubha — zulmatning ajralmas qismi, optimizm esa yorug‘lik va hayot podsholigiga bo‘ysunadi. Bu ikki kuch doim qarama-qarshi kurashda. Siz shubhaga qarshi sabot bilan kurashishingiz lozim. Shubha — bu ham fikr va boshqa fikrlarga o‘xshab moddiylashishga harakat qiladi.

Mening gaplarimni eshitib, jiyanimning ko‘zlari charaqlab ketdi. "Menda g‘oyalar paydo bo‘ldi", — dedi sevinib. So‘ng o‘sha zahoti poytaxtga jo‘nab ketdi. Keyinchalik eshitsam, u to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha tadbirkor qarindoshimiznikiga borib, " menga tadbirkorlikni o‘rgating, yoningizga oling. Agar sizning korxonangizda ish o‘rni bo‘lmasa menga "Neksiya" mashinasiga yetadigan pul qarz bering. Men bu mashina bilan sizning xizmatingizni qilaman, bo‘sh paytlarim kirakashlik qilib pul topaman. Mustaqil oyoqqa turib olgach, albatta, sizning pullaringizni qaytaraman" debdi.

Mana, ko‘rdingizmi, inson o‘z hayotini o‘zgartirishga kirishishi qanchalik oson! Shunchaki, so‘rash kerak, lekin ba’zi odamlar so‘rashga ham botina olishmaydi. Siz ham agar hayotingizda nimanidir o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz jur’atingizni to‘plab, so‘rashingiz kerak.

Xullas, tadbirkor qarindoshi jiyanimga bitta mashinaga yetadigan pul beribdi va:
— Sen bu pullarni osonlik bilan qo‘lga kiritdim, deb o‘ylayotgandirsan. Lekin seni ishontirib aytamanki, kelajakda pullarni qo‘lga kiritish juda qiyin bo‘ladi, deb o‘ylashing mutlaqo noto‘g‘ri. Lekin ko‘p insonlar xuddi shunday fikrda. Ular pul uchun ko‘p va og‘ir mehnat qilish kerak, deb o‘ylashadi. Aslida esa mehnat insonni ko‘proq ishlashga majburlab, tafakkur kuchi va bardoshini mustahkamlashga xizmat qiladi. Sen pul ishlab topganingda mening uslubimdan foydalansang, bu tez orada ro‘y berishi aniq. Hamma narsadan ham muhimi munosabatlar, fikriy rejalar. Bunga e’tiborsiz bo‘lganlar omadsizlikka mahkum va uni kutishi uchun og‘ir yoki yoqimsiz ish bilan shug‘ullanishga majbur. Doim yodda tut, tashqi holatlar tafakkuring holati hamda ichki chuqur xulosalaringning akslanishidir.

Unutma, senga pul kerak bo‘lib qolganda nima qilish kerak? Agar sen uni tez va oson topishga ishonsang shunday bo‘lib chiqadi ham. Agar aqlingdan zarracha shubha o‘rin olsa, hozir qo‘lingda turgan pulni esga ol. Shunchaki, so‘rash kerak. Agar so‘ragan narsangga darrov erishishingga ishonsang, uni allaqachon oldim, deb tasavvur etsang, haqiqatan ham shunday bo‘ladi. Bizning ko‘nglimiz tubidagi xulosalarimiz doimo hayotga tatbiq etib kelingan. Sen ham uni boshqa narsaga ishlatma. Pulni o‘zi uchun ishlashga qo‘yish o‘rniga uni yerga ko‘mgan insonlarning xatosini takrorlama. Bunday yo‘l tutganlar yana bitta mudhish xatoga yo‘l qo‘yishadi: ular inon-ixtiyorlarini qo‘rquvga topshirib qo‘yishadi. Qo‘rquv gumonning akasi, bu esa insoniyatning eng katta dushmani. Sen uni yengishing kerak. Jasur va qo‘rqmas bo‘l. Topgan pulini, garchi jo‘yali sabab bo‘lsa ham, ko‘mgan inson bu pulga loyiq emas. Qachondir yana nimagadir ega bo‘la olmasa kerak, chunki u hayotning buyuk qonunlaridan biri — to‘kinlik qonunini buzmoqda. Ko‘payishi uchun pullar erkin harakatda bo‘lishi kerak" deya nasihat beribdi. Men ham qarindoshimizning fikriga qo‘shilgan holda mustaqil hayot uchun kurash har bir kishining o‘z vazifasi ekanligini uqdirdim.

manba: psixologiya.uz

     Bildirilgan Fikrlar:

     Fikringizni Qoldiring:



Rasmdagi yig'indini kiriting:

 29

Image Gallery:

Statistika:



Contact