«Jahl chiqqanda yoki aqlni yo'qotmaslik usullari!»


Muallif: Nodir Karimov
Qo'shilgan sana: 2016-01-28
Ko'rildi: 2234

Jahl chiqqanda yoki aqlni yuqotmaslik usullari!

Tasavvur qiling, ikki kishi janjallashayapti.
-Nega, bunday muomala qilyapsiz, sizda bor jahl bizda yo‘qmi? Jahl qilmasdan, murosa qilishning yo‘li bordir, axir?! – deydi ulardan biri jig‘ibiyron bo‘lib.
- YO‘q, buning hech qanday iloji yo‘q! g‘azabim kelib turganda o‘zimni boshqara olmayman! – qaysarlik qiladi ikkinchisi. Nima deb o‘ylaysiz, bu yerda ulardan qaysi biri haq?

Baralla aytish mumkinki, hech qaysisi! Chunki tortishayotganlar o‘rtasida hech qachon haqiqat bo‘lmaydi.
Jahl qilish bu boshqalarning xatosi uchun o‘zingizni jazolashdan boshqa narsa emas. Jahlingiz chiqib turganda bilingki, siz hayotingizning oltmish soniyalik baxtini boy beryapsiz. Hech qachon ichingizdagi jahldorlik va g‘azab bilan yashamang. Uni o‘zingizdan quvib tashlang, uyquga ketishdan oldin barchasini orqaga tashlang va tongda hayotingizni yangidan boshlayotgandek his qilib uyg‘oning. Bu sizning ichki quvvatingizni oshiradi va bu sog‘lig‘ingiz uchun ham foyda keltiradi.

O’tkazilgan psixologik so‘rovnomalarga ko‘ra, odamlarning yildan-yilga stress va jahlga berilish holatlari kuchayib ketayotgan ekan. Buning asosiy sababi esa davrning tezlashib ketishi va texnika rivoji bilan bog‘liqligi aniqlandi.

O’ylashni o‘rganing

Jahl chiqib turganda nimanidir o‘ylab o‘tirishning imkoni bormikin demoqchisizmi? Albatta, bor! Faqat bunda hozir ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qarshiligingiz ayni shu vaziyatda muammoni hal qila oladimi-yo‘qmi shuni aniqlash kerak. Buni o‘ylash uchun kerak bo‘lsa sizga 24 soat vaqtni tavsiya etardik. Chunki har qanday g‘azablanish ham inson ongida faqat 24 soat davomida kuchli ta’sir qiladi. Oradan shuncha vaqt o‘tgach uning ta’siri sezilarli darajada pasayadi va o‘zingiz jahl qilishingiz kerak emasligini tushunib yetasiz.

Keyin afsus qilmaysiz

Suhbatdoshingizdan jahlingiz chiqyaptimi, yaxshisi uni biroz yolg‘iz qoldirib, xonadan chiqib keting. Toza havoda biroz yuring. Bu sizni boshqa narsalar, ko‘chadagi odamlar va vaziyatlarga biroz chalg‘ishingizga yordam beradi va eng muhimi, keyinchalik jahl ustida o‘sha biror kishingizning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymaganingizdan xursand bo‘lasiz.
Ba’zan vaziyatni yumshatishning eng yaxshi usuli bu kulgu va hammasini hazilga burishdir. Jahlingiz chiqadigan gap aytishdimi hazilga buring. Shubhasizki, natija sizning g‘alabangiz bilan tugaydi.

O’zlarini aybdor his qilishsin desangiz

Jahl qilmasdan o‘zingizning xafa ekanligingizni o‘sha insonga ayting, buni shunchalar yumshoqlik bilan aytingki, u inson o‘zida afsuslanish hissini sezsin. Masalan, " bilasiz, men unchalar ta’sirchan inson emasman, hammasini kulib qarshi olishga harakat qilaman. Lekin negadir shu gapingizdan(ishingizdan) ko‘nglim og‘ridi. Mayli, o‘tgan ishga salovat, bo‘lib turadi bunaqasi ham", deyishingiz mumkin. Bu tavsiyamiz sizga kulgili tuyulmasin. Chunki bu tajriba ish berishini biz amaliyotda ko‘rganmiz.

Sizdan kechirim so‘rashlarini istasangiz...

Nega jahlingiz chiqayotganini emas, nega jahlingiz chiqqanini tushuntiring. Bu ikkisi o‘rtasida katta farq bor. Sizning jahlingiz chiqib turgan paytda suhbatdoshingizni ham to‘liq xotirjam deb bo‘lmaydi. Uning gaplariga shunchaki jilmayib qo‘ying va kezi kelganda unga nega o‘shanda jahlingiz chiqqanini ayting. Aminmizki, uning g‘azabingizni keltiradigan gapiga tabassum bilan javob qaytarganigiz yana bir karra sizning ustun ekanligingizni bildirib qo‘yadi, uning o‘zi esa xijolatlikdan sizdan uzr so‘raydi.

Kimga foyda, kimga zarar?

O’tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, amerikalik olimlar kechira olish qobiliyatiga ega bo‘lganlar ham ruhan, ham jisman sog‘lomroq bo‘lishini aniqlashdi. Stendford universitetidagi Psixologik maslahat va salomatlik markazida faoliyat ko‘rsatuvchi Fredrik Laskin va uning guruhi 259 odamni o‘rganishdi. Olimlar tadqiqotda ishtirok etayotganlarga oltita bir yarim soatlik sessiyada qatnashishni taklif qildilar va suhbat davomida ularni kechirimlilikka o‘rgatishni maqsad qilib qo‘ydilar. Tajribada ishtirok etayotganlar ularga yomonlik qilgan odamlarni kechirganlaridan so‘ng kamroq azob chekkanlarini ta’kidlashdi. Tadqiqot kechirishni o‘rgangan odamlar o‘zlarini nafaqat hissiy, balki jismoniy tomondan ham yaxshiroq his qilganliklarini isbotladi. Misol uchun, bu tajribalardan so‘ng stress bilan bog‘liq ensa og‘rig‘i, uyqusizlik va oshqozon og‘rig‘i kabi psixologik va jismoniy alomatlar bu shaxslarda sezilarli darajada kamayganligi aniqlandi.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, g‘azab va jahl qondagi yallig‘lanish bilan bog‘liq oqsillarni ishlab chiqarar ekan. Bu esa arteriya qon-tomirlarining qattiqlashishi, yurak og‘rig‘i va miyaga qon quyulishini keltirib chiqaradi.

O’zingizga ayting

Sizni xafa qilganlardan xafa bo‘lmaslik uchun har doim "Meni xafa qilganlarni ular uchun emas, o‘z ko‘nglimning xotirjamligi uchun ham kechiraman. Jahl muammoni yechmaydi, aksincha battar chigallashtiradi. Shunday ekan, chuqur nafas olish va "hammasi yaxshi" ekanligini tan olishim kerak" degan so‘zlarni takrorlang.

Hayotda hech kim yuz foiz haq bo‘lmaydi, axir qars ham ikki qo‘ldan chiqadi, degan gap bor. Eng yaxshisi, murosa yo‘li ekanligini unutmang. Chunki ziddiyatga borishdan saqlanib, xotirjamlikni qo‘lga olsangiz salomatligingiz ham tiklanib boradi.



manba: psixologiya.uz

     Bildirilgan Fikrlar:

Малика
2017-01-27

Рахмат екди ЗУР екан

ghsfgxn
2017-03-13

adhfgdfzh

Anora
2017-10-25

JUDAYAM CHIROYLI MASLAHATLAR

Baxor
2018-01-26

Manga testlar ham oyinlar ham.juda yoqdi.

Diyor
2018-04-14

yaxshi tafsiyalar zo‘r. fikirlashni yanayam tezlatish un xam maslahatlariz bormi?

хумора
2018-05-22

яхши менга йокди бунданда ажойиб дастурлар ишлаб чикишингизга ишонаман

Kamoladddin
2018-05-25

Maslahat uchun katta rahmat

     Fikringizni Qoldiring:



Rasmdagi yig'indini kiriting:

 32

Image Gallery:

Statistika:



Contact